“O‘zbektelekom” AK “yashil” energiyadan foydalanish orqali issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirmoqda

“O‘zbektelekom” AK atrof-muhitga zararli ta’sirlarni kamaytirish va O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishidagi amaliy ishlarni izchil davom ettirmoqda.
2025-yil yakunlari bo‘yicha Kompaniya tomonidan iste’mol qilingan 20 000 MVt·soat elektr energiyasining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilganligi xalqaro I-REC(E) tizimi orqali tasdiqlandi.
Xalqaro iqlim hisoboti tamoyillariga muvofiq, ushbu hajm Scope 2 doirasidagi bilvosita issiqxona gazlari emissiyasini bozor usuli (market-based method) asosida hisoblashda inobatga olinadi va Kompaniyaning tegishli emissiya ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkonini beradi.
I-REC(E) tizimidan foydalanish “O‘zbektelekom” AKning “yashil” energiyaga bo‘lgan korporativ talabni qo‘llab-quvvatlashiga xizmat qiladi. Bu qayta tiklanuvchi energetika bozorining rivojlanishi va ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratadi.
Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan yirik telekommunikatsiya infratuzilmasiga ega Kompaniya uchun energiya samaradorligini oshirish va faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish ESG-transformatsiyaning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Mazkur tashabbus “O‘zbektelekom” AKning xalqaro barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish va iqlim bo‘yicha hisobotlar shaffofligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarining bir qismidir.