Davra suhbati: qatag‘on qurbonlari xotirasi – millat xotirasi
Tarix – millatning o‘zligini anglash va kelajagini o‘zida mujassam etgan xotiradir. Siyosiy qatag‘on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini keng targ‘ib etish esa millatning burchidir.
Shu maqsadda “O‘zbektelekom” AKda siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi munosabati bilan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi – millat xotirasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
“O‘zbektelekom” AK Kasaba uyushmasi qo‘mitasi rahbariyati, kompaniya ijroiya apparati, Markaziy hamda “TMS Hub” filiallari xodimlari va faol yoshlar ishtirok etgan tadbir avvalida qatag‘on qurbonlari xotirasi, ularning murakkab va fojiali taqdiri haqida so‘z yuritildi.
Shundan so‘ng, tadbir mehmoni – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, shoir Bobur Bobomurod so‘zga chiqib, siyosiy qatag‘onlar davrining xalqimiz tarixidagi og‘ir va achchiq saboqlari haqida fikr bildirdi.
Shoir o‘z so‘zida qatag‘on qurbonlari orasida ko‘plab ilm-fan, adabiyot va san’at, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan ma’rifatparvar insonlar bo‘lganini ta’kidladi. O‘z qalamiga mansub mavzuga aloqador va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati yuqori bo‘lgan she’rlaridan o‘qib eshittirdi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari va mavzu doirasidagi fikrlari bilan faol qatnashdi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati