09 August 2022

Faol sotuvlar aholi uchun maqbul yechim bo‘lmoqda



Bugun mamalakatimizda barcha islohotlar inson qadri uchun degan ezgu g‘oya ostida amalga oshirilmoqda. Shunga ko‘ra har bir jabhada aholiga qulaylik yaratish, ularning og‘irini yengil qilish maqsad qilingan. Bundan “O‘zbektelekom” AK va uning hududiy filiallari ham mustasno emas.

Kompaniyaning Buxoro filiali tomonidan amalaga oshirilayotgan ishlar, jumladan, viloyatning deyarli barcha hududlari, hatto olis qishloq va mahallalarida tashkil etilayotgan faol sotuvlarda ham aholiga qulaylik yaratish nazarda tutilgan.

Shuningdek, aholining Kompaniya xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishlari uchun zarur barcha sharoitlarni taqdim etish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish  va ularning vaqti hamda mablag‘ini tejash maqsad qilingan. Buxoroliklar esa bu tashabbuslardan behad minnatdor. 

Aytish mumkinki, filial va jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilayotgan shartnomalarning asosiy qismi faol sayyor sotuvlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

– O‘tgan oyda “O‘zbektelekom” AK Buxoro filiali tomonidan jismoniy shaxslar bilan 3286 ta shrtnoma tuzilgan bo‘lsa, shularning 70 foizi sayyor sotuvlar mahsulidir. Filialning hududlardagi sotuv va xizmat ko‘rsatish xodimlari doimiy ravishda sayyor sotuvlarni amalga oshirib kelmoqda. Misol uchun, o‘tgan bir oy davomida faol sotuvlar bo‘yicha viloyat bo‘ylab turli hududlarga 406 dan ortiq tashriflar uyushtirildi. E’tiborlisi, xodimlarimiz faqatgina sotuv ishlari bo‘yicha emas, balki aholining zamonaviy internet xizmatlariga doir talab va takliflarni ham o‘rganib chiqmoqda. Bu faoliyatimizning yanada keng qamrovli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Filialning ommaviy sotuvlar va xizmat ko‘rsatish monitoring guruhi boshlig‘i Marhabo Nig‘matova.

Xususan, ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Buxoro shahri 7-kichik nohiyada joylashgan Amir Temur ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi uchun tashkil etildi.

– Bu yerga yaqinda ko‘chib keldik. Shu sabab hali xonadonimizga internet xizmatini ulatganimiz yo‘q edi. Ammo farzandlarim bilimini mustaqil ravishda mustahkamlashi uchun internet xizmatlariga ehtiyoj sezardi. O‘zim ham ish yuzasidan tez-tez ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilib turaman. Ba’zida telefonlarimizdagi internet to‘plamlari oy yarmiga bormay tugab qoladi. Shunda har gal xonadonimizga internet ulataman derdimu, lekin vaqtim tig‘izligi sabab Kompaniyaning savdo ofislariga borishga imkon topolmasdim. Buni qarangki, savdo xodimlarining o‘zlari bugun uyimizgacha kelib xizmatlarini taklif qilmoqda. Baraka topsin, savdo xodimlari barcha savollarimga javob berib, kerakli yo‘l-yo‘riqni ko‘rsatishdi, – deydi hududdagi 20-xonadon sohibi Suxrob Maqsudov. 

Ta’kidlash kerakki, bu kabi sayyor sotuvlar tumanlarda ham tashkil etildi. Jumladan, Romitan tumani Toshrabot MFYdagi Xalach, Bog‘cha MFYdagi Bo‘g‘cha va Qalovron qishloqlaridagi xonadon a’zolari faol sotuvlarga jalb qilindi. Shuningdek, Buxoro shahridagi 223-, 225- va 226-sotuv ofislari ham ayni kunlarda shahar bo‘ylab keng ko‘lamda sayyor sotuvlarni tashkillashtirib kelmoqda.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunday faol sotuvlarning bir kunida 30-40 ga yaqin xonadon bilan shartnomalar tuziladi. Mazkur jarayonda har bir abonent o‘zini qiziqtirgan barcha savollarga javob olish, yangi internet tariflari va xizmatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

Shuni alohida aytish kerakki, vaqt shiddat bilan o‘tayotgan hozirgi davrda kimningdir sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislariga borishga vaqti bor, kimnikidir yo‘q. Joylarda tashkil etilayotgan faol sotuvlar bunday chorasizliklarka maqbul yechim bo‘lmoqda.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati



Yangilik bilan ulashish: