Muhandislar ishtirokidagi navbatdagi o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi

“TMS Hub” filiali tomonidan muhandis xodimlar uchun tashkil qilingan “Gibrid energiya manbali elektr ta’minoti” mavzusidagi o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ta’kidlaganimizdek, o‘quv kursida xodimlarning gibrid energiya manbalari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi generatorlar va ularga tegishli qurilmalarning tuzilishi, ishlash tamoyillari, ekspluatatsiya xususiyatlari hamda elektr ta’minoti tizimlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish borasidagi bilimlari mustahkamlandi.
Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar dizel va benzin generatorlari asosidagi elektr ta’minoti tizimlari, ularning monitoring vositalari, quyosh va shamol energiyasi manbalariga asoslangan qurilmalar hamda ularni monitoring qilish tizimlari bilan yaqinroq tanishdilar. Bundan tashqari, gibrid energiya manbalarida qo‘llaniladigan avtomatika va himoya vositalari, kuchlanishni rostlash tizimlari, elektr energiyasini uzatish tarmoqlarining radial, magistral va xalqasimon ulanishlari hamda ularning ish rejimlari amaliy jihatdan tadqiq etildi. Zaxira energiya manbalarini avtomatik ulash qurilmalari va sxemalarini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv kursiga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining tajribali professor-o‘qituvchilari: texnika fanlari doktori, professor Siddiqov Ilhomjon Hakimovich hamda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Davirov Alisher Quvondiq o‘g‘li jalb etildi.
O‘quv kursining amaliy mashg‘ulotlari “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining Energetika fakulteti laboratoriya bazasida tashkil etilib, tinglovchilarga gibrid energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish qurilmalari va jarayonlarini amaliy o‘rganish imkonini berdi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati