13 August 2021

“O‘zbektelekom” Aksiyadorlik Kompaniyasi soha xodimlari uchun Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirdi



Eng ulug‘ va eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi arafasida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzelarida 210 xonadonli 4 to‘qqiz qavatli turar-joy binolari foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Kompaniyada faoliyat yurituvchi xodimlarga yangi xonadonlar kalitlari taqdim etildi.



13-avgust kuni Toshkentning Yakkasaroy tumani Qushbegi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzelarida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qurilgan ko‘p qavatli zamonaviy uylarning foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi “O‘zbektelekom” AK matbuot xizmati.



Turar-joy binolarining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev, mahalliy hokimiyat va telekommunikatsiya sohasi vakillari hamda “O‘zbektelekom” AK rahbariyati ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari hamda yoshlar qatnashdi.



– So‘nggi yillarda hayotimizning barcha jabhalarida erishilgan yutuqlar bilan har qancha faxrlansak, har qancha g‘ururlansak arziydi. Birgina 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, zamonaviy elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimiga o‘tish jadallashdi. Bu esa Davlatimiz rahbari tomonidan soha xodimlariga bildirilgan yuqori darajadagi ishonchni munosib oqlash lozimligini taqozo etadi. Eng muhimi, Vatan taraqqiyoti, mamlakatdagi o‘zgarishlar-u yangilanishlar samarasi yurtdoshlarimiz turmushi farovonligi, xonadonlaridagi qut-baraka, tinchlik-osoyishtalik timsolida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Bugun ham telekommunikatsiya sohasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga nazar tashlasak, raqamli iqtisodiyotga o‘tish va undan samarali foydalanish keng miqyosda ommalashib bormoqda. Bu jarayonda inson omili yuqori o‘rinni egallaydi va bunda ijtimoiy qatlamga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarni doimiy rag‘batlantirish va ularni zarur sharoitlarga ega turar-joylar bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biridir. Bugun ham ushbu turar-joy majmuasidagi xonadonlarni o‘z egalariga topshirar ekanmiz, ularning xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlikni tilab qolamiz, – deydi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov.



– Mamlakatimiz taraqqiyoti ulkan bunyodkorlik ishlariga asos bo‘lmoqda. Shu qatorda aholiga imtiyozli kreditlar asosida qulay uy-joy bilan ta’minlash asosiy vazifalardan biri etib belgilandi. Bularning barchasini e’tiborga olgan holda mana bugun ham tumanimizda telekommunikatsiya sohasi vakillari uchun yangi turar-joy majmuasidagi xonadonlar o‘z egalariga topshirilmoqda. Maqsadimiz har bir oila ana shu xonadonlarda tinch va farovon hayot kechirishiga erishish. Shuningdek, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining 2021-yil 23-iyuldagi tegishli farmoyishi ijrosi doirasida “O‘zMobayl” filialiga biriktirilgan Yakkasaroy tumanidagi “Damariq” mahallasida “Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, mahalladagi uy hovlilarida 6 ta elementdan iborat yangi bolalar maydonchasi tashkil etildi. Uylarning old qismida 8 ta elementdan iborat “Work out” ko‘rinishdagi sport maydonchasining qurilish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, 3 ta bolalar maydonchasi ta’mirlanib, 2 ta yangi bolalar maydonchasi barpo etildi. 6 ta uyning tom qismi joriy ta’mirlandi. Mazkur uylarning tom qismi folgoizol bilan qoplangan. Mahallaning kirishida yangi muhtasham arka o‘rnatilgan. Bundan tashqari mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan Elektron kutubxonani jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda va 150 dan ziyod elektron kitoblar sovg‘a qilindi,  – deydi Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov.

Mamlakatimizning har bir fuqarosi so‘nggi yillarda yurtimizda yuz bergan turli sohalardagi o‘zgarishlar va islohotlar bilan tom ma’noda faxrlanadi.



– Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan xodimlar manfaat va huquqlarini himoya qilish maqsadida Uyushma tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi tadbirimizning asosiy sababi – Kompaniya soha xodimlari uchun qulay va munosib shart-sharoitlar bilan ta’minlangan yangi xonadonlarning topshirilishi esa yuqoridagi fikrlarimizning yorqin ifodasidir. O‘ylaymanki, ushbu turar-joylarga ko‘chib o‘tayotganlarning xotirasida 2021-yil unutilmas lahzalar bilan muhrlanadi. Qolaversa, ularga taqdim etilayotgan uy-joylarni mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi, deyish mumkin. Eng asosiysi, yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar o‘z oldiga mamlakatimizni raqamli O‘zbekistonga aylantirishni maqsad qilgan xodimlarning ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Negaki, oilasi farovon insonda halovat, ko‘ngli xotirjam insonning esa ishida, faoliyatida unum bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev.



Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida to‘qqiz qavatli turar-joy binolari qurib foydalanishga topshirildi. Yangi binolarning birinchi qavatida, shuningdek, 250 va 218-elektron avtomat telefon stansiyalari joylashgan bo‘lib, bu nafaqat turar-joy majmualari aholisi, balki umuman mavzelar yashovchilari uchun ham telefon xizmatlaridan foydalanish borasida qulayliklar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik bayrami arafasida yangi xonadonlarning egalari yangi uylarga ko‘chib o‘tishni nishonlashmoqda.

— Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga yaxshi tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuningdek, davlatimiz tomonidan mazkur soha vakillariga qaratilayotgan e’tibor alohida e’tirofga loyiq. Ushbu turar-joy kompleksi Kompaniyamiz tomonidan xodimlar uchun maxsus barpo etildi. Ikki manzilda qad rostlagan binoda shinam xonadonlar qurilgan bo‘lib, ularda barcha sharoitlar mujassamlashgan. Bugun ana shu turar-joy kompleksini o‘z egalariga topshirar ekanmiz, ushbu bayram tadbirlari arafasida xodimlarimizning xonadonlarida o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki kayfiyat hukm surayotganligining guvohi bo‘ldik. Chunki ularning shinam va ko‘rkam xonadonlari bundan buyon oilalari uchun xizmat qiladi. Mazkur kompleksning qurilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha mutaxassislarga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Albatta, bu kabi yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan xodimlarning oilalarida xotirjamlik, ishlarida esa unum va baraka bo‘lishi shubhasiz, – deydi "O‘zbektelekom" AK Bosh direktori Nazirjon Xasanov.
 

Turar-joy majmuasi ko‘chaning qulay qismida joylashgan bo‘lib, binoning old qismida avtomobillar uchun alohida to‘xtash joyi, shuningdek majmuada bolalar uchun maxsus o‘yingohlar qurilgan.


– Mana bugun ko‘pchilik uchun hayotidagi quvonchli kunlardan biri, bugun ular tinch va totuv yashash uchun yangi uy-joy kompleksiga ko‘chib o‘tmoqda. Biz, Kompaniya xodimlari doimo e’tibor markazida bo‘lganmiz. Shaxsan o‘zim “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan o‘quv dasturi bo‘yicha, Bonch Bruyevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiya universitetida ta’lim olib, hozirgi kunda Kompaniyaning “Axborot tizimlari” filialida ishlab kelmoqdaman. Zamonaviy loyiha asosida qurilgan uylarda barcha sharoitlar yaratilganidan mamnunmiz. Shu bois, barcha qulay sharoitlarga ega va zamonaviy uy-joy qurilishi uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Shuningdek, ushbu turdagi turar-joy majmuasi yana ko‘plab xodimlarimizga foizsiz muddatli to‘lov asosida berilmoqda, bu esa bizlarga ham xodim, ham oddiy fuqaro sifatida ko‘p imkoniyatlar yaratadi, - deydi Qushbegi mavzesida qurilgan yangi xonadon sohibi, Kompaniyaning yosh xodimlaridan biri – “Axborot tizimlari” filiali Billingni ma’murlashtirish xizmati oliy toifali muhandisi Sanjar To‘xtamishev.

Ta’kidlash joizki, poytaxtimizning mazkur uylarning foydalanishga topshirilishi Kompaniyaning keng ko‘lamli ijtimoiy loyihasining faqat boshlanishidir. Keyingi yillarda Yunusobod, Sergeli va Chilonzor tumanlarida quriladigan yangi turar-joy binolari navbatda turibdi.

 



Yangilik bilan ulashish: