Uchquduq tumanida aholi murojaatlari o‘rganildi
“O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining telekommunikatsiya xizmatlariga oid murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda hal etish maqsadida Navoiy viloyatining Uchquduq tumani “Do‘stlik” MFY hududida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolarning internet va telekommunikatsiya xizmatlari, xizmat ko‘rsatish sifati, mavjud infratuzilmadan foydalanish hamda boshqa sohaga oid masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Qabulda bildirilgan har bir murojaat mas’ul xodimlar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Ayrim masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish va texnik choralarni talab qiladigan murojaatlar mas’ullarga biriktirildi.
“O‘zbektelekom” AK mas’ullari hamda Kompaniyaning hududiy filiali rahbariyati qatnashgan sayyor qabulda korrupsiyaga qarshi kurashish, kiber xavfsizlik borasidagi qilingan ishlar hamda kelgusida rejalashtirilgan loyihalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati