19 June 2021

UZTELECOM bulutli data-markazi "Uptime Institute" tasnifi bo'yicha Tier III darajali xalqaro sertifikatga ega bo’ldi



Zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish Oʻzbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning asosiy vazifalari qatorida virtual maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash vositalari hamda server imkoniyatlarini oshirish kiradi.

2021-yil may oyida Uptime Institute UZTELECOM bulutli data-markazining loyihalash hujjatlarini tasniflash bo‘yicha Tier III darajali xalqaro sertifikatiga loyiq deb topdi.

Bu UZTELECOM bulutli data-markazining ishonchlilik darajasi Uptime Institute tasniflash boʻyicha xalqaro Tier III tizimiga mos kelishini, yaʼni data-markaz infratuzilmasi “N+1” formulasi boʻyicha zaxiralanganligini, xatolarga bardoshlik koeffitsiyenti esa 99,982% ni tashkil qilishini anglatadi. Data-markaz barcha quyi muhandislik tizimlari zaxira qismiga ega va uning ishini toʻxtatmasdan texnik taʼmirlash ishlarini olib borishga imkon beradi.

UZTELECOM bulutli data-markazini bir necha bor modernizatsiya qildi va quvvatini oshirdi va bugungi kunda oʻz mijozlariga eng zamonaviy bulutli xizmatlarni taklif qilmoqda.

Data-markaz xavfsizlik boʻyicha eng zamonaviy uskunalar va ishonchlilik tizimlari bilan jihozlangan:
 

  • Axborot xavfsizligi tizimi;
  • Sanoat havoni tozalash tizimi;
  • Uzluksiz quvvat manbalari;
  • Elektr quvvatni taqsimlash tizimi;
  • Yoritish va videokuzatuv tizimi;
  • Yongʻinni oʻchirish tizimi;
  • Soat/sinxronizatsiya tizimi.
  • Infratuzilmani boshqarish tizimi (NOC).

  
Joriy yangilangan konfiguratsiyadagi data-markaz imkoniyatlari 36 dan ortiq telekommunikatsiya shkaflari, 200 ta bleyd-serverlar, 6,2 PB dan ortiq maʼlumotlarni saqlash tizimi, 100 Gbit/s tezlikda maʼlumotlarni uzatish tizimi, shuningdek transformator quyi stansiyalariga ega ikki ta mustaqil kirish joylaridan iborat.

Shu bilan birga, “O’zbektelekom” AK ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini yaratish” loyihasi doirasida joriy yilda 70 ta telekommunikatsiya shkaflari, 194 ta bleyd-serverlar, 5 PB ma’lumotlarni saqlash tizimi va uzluksiz elektr ta'minotini ta'minlash uchun qo'shimcha dizel generatorlarini o'rnatish rejalashtirilgan.

UZTELECOM bulutli data-markazi bugungi kunda mijozlarga “VDC - Virtual Data-markaz”, “VDI - Virtual Desktop”, “VKA – Video-konferens-aloqa”, “Colocation”, “Web hosting”, “Bulutli video kuzatuv” va boshqa turdagi bulutli servislar va xizmatlarning toʻliq spektrini taqdim etadi.

Taʼkidlash joizki, UZTELECOM bulutli data-markazi ayni vaqtda Uptime Institute tasnifi boʻyicha Tier III darajali xalqaro sertifikatga ega boʻlgan Oʻzbekistondagi yagona maʼlumotlarni qayta ishlash markazi hisoblanadi.



Yangilik bilan ulashish: