21.04.2021

UZTELECOM operator va provayderlar uchun narxlarni arzonlashtirmoqda



“O‘zbektelekom” AK tomonidan mamlakatimizda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan barcha uchun xizmat narxini arzonlashtirish, har toifadagi abonentlar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, joriy yil 1-maydan operator va provayderlarga xalqaro paketli kommutatsiya markazi (XPKM) orqali taqdim etiladigan kanal narxi oldingi tariflarga nisbatan 20 % gacha (32 ming so‘m) arzonlashtirilishi kutilmoqda. Mazkur xizmat narxi so‘nggi 3 yil ichida 7,5 barobardan ko‘proqqa arzonlashtirilgangini ko‘rsatmoqda.



2020 yil yakunida IP-transport xizmatlari bo‘yicha “Maʼlumotlarni uzatish magistral va multservis tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi doirasida “O‘zbektelekom” AK tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, transport tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlarigacha 2 barobarga, tuman markazlarigacha esa 4 barobarga oshirilgan. Mazkur loyiha bo‘yicha ishlarning asosiy qismi yakunlanganligi munosabati bilan, 2021 yil 1-yanvardan IP-transport xizmatlarining narxini 2 barobarga arzonlashtirilgan edi.

2021 yil 1-maydan ushbu xizmat joriy narxi yana 30% ga arzonlashtirilmoqda.



Bu o‘z navbatida operator va provayderlarning respublikamizning chekka hududlarida faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

“O‘zbektelekom” AK mamlakatimiz iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi uchun qulay vosita va ishonchli poydevor hisoblanadi.

“O‘zbektelekom” AK aholi, biznes subyektlari, davlat idoralari, shuningdek O‘zbekistonning operator va provayderlari uchun ilg‘or raqamli operator bo‘lishga intilmoqda. Kompaniyaning bosh vazifasi – eng keng doirada qo‘llash uchun zamonaviy raqamli infratuzilmani taqdim etishdir.



Yangilik bilan ulashish:

Shuningdek o’qing