Xatirchida aholi va tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi

Joriy yilning 18-avgust kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Langar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 58-sonli maktabda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda tuman Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘rganilgan sayyor qabulda “O‘zbektelekom” AK hamda Kompaniyaning hududiy filiali mas’ullari ham faol qatnashib, fuqarolar tomonidan mobil aloqa va simli internet xizmatlari sifati, internet tariflari yuzasidan bildirilgan bir qator murojaat va takliflar o‘rganildi.
Murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, ma’lum qismiga oid zaruriy tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari qo‘shimcha vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Sayyor qabul so‘ngida tashrif buyurgan fuqarolarga sohaga oid murojaatlar e’tibordan chetda qolmasligi ta’kidlanib, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati