Yangi O‘zbekistonda ayollarning o‘rni va mas’uliyati mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Har bir jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamollik darajasini ayollarga bo‘lgan munosabat belgilab beradi. Ayolni e’zozlash, unga hurmat ko‘rsatish esa azal-azaldan xalqimizga xos xususiyatdir.
Bu fikrlar mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “O‘zbektelekom” AKda “Yangi O‘zbekistonda ayollarning o‘rni va mas’uliyati” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida yana bir karra o‘z ifodasini topdi.
Tadbir “O‘zbektelekom” AK Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti hamda Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil qilindi. Unda Kompaniya Ijroiya apparati, “Markaziy” hamda “Ixtisoslashgan texnik” filiallarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Davra suhbati avvalida Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raisi Manzura Haydarova so‘z olib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mazkur e’tibor natijasida ularga Kompaniya misolida yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng tadbir mehmonlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati senatori Malika Qodirxonova, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova hamda Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti Tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlari falsafa doktori (PhD) Kamola Aliyeva mamlakatimizning siyosiy hayotida, davlat va jamiyat boshqaruvida, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida, madaniyat, ilm-fan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, sport kabi ijtimoiy sohalarda ayollarimizning o‘rni va roli ortib borayotganini ta’kidladilar.
Mazmunli va samimiy muloqotga boy davra suhbati yakunida ayol allasi o‘ziga xos millat madhiyasi ekanligi, bugungi kunda ayollar bilan bog‘liq masalalar davlat va jamiyatimizning diqqat markazida ekani hamda bugungi Yangi O‘zbekiston ayollari ham bu e’tibor va mas’uliyatga munosib bo‘lishlari kerakligi ta’kidlandi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati