27 July 2022

Yetakchi yoshlar ishtirokidagi maxsus o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi



Vaqtni boshqarish – hamma narsaga ulgurish san’atidir. “O‘zbektelekom” AK tomonidan “Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi” filialida tizimdagi yetakchi yoshlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirning uchinchi kuni ayni shu mavzudagi mulohazalar bilan boshlandi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi, sotsiologiya fanlari doktori Mavluda Gafforovaning “Taym-menejment. Vaqtni boshqarish – hamma narsaga ulgurish san’ati”, “Jamoada konfliktlarni boshqarish. Konflikt jarayonining sabablarini o‘rganish” va “Konfliktlar jarayonini bosqichma-bosqich bartaraf etish yo‘llari” mavzusidagi ma’ruzalari tinglovchi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Maxsus o‘quv kursining uchinchi kuni ikki kun davomida orttirilgan bilimlar, qo‘shimcha fikr-mulohazalarga ulanib ketdi. Yetakchi yoshlar barcha mutaxassislarning ma’ruzalari, rahbarlar ishtirokida tashkil etilgan mahorat darslaridan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan malakalarni o‘zlashtirganligini e’tirof etishdi.

– Bu kabi o‘quv kurslarining ko‘proq tashkillashtirib turilishini istardik. Mutaxassislarning barcha ma’ruzalari menda katta qiziqish uyg‘otdi, tengdosh hamkasblarim bilan bu borada o‘zaro fikr almashdik. Ochig‘i ish jarayonida ba’zi masalalarda mutaxassislar fikriga ehtiyoj sezardim, ushbu o‘quv kursi esa bu boradagi bilimlarimni ham mustahkamladi. Qolaversa, hamkasblar bilan o‘zaro fikr almashish ham ancha qo‘l keldi, – deydi “O‘zbektelekom” AK Jizzax filiali yoshlar yetakchisi Nodirbek Toshbekov.

Aytish joizki, yetakchi yoshlar uch kun mobaynida nafaqat ma’ruzalar tinglashdi, balki ular o‘rtasida bilimdonlik salohiyatini oshiruvchi turli intellektual tanlovlar ham o‘tkazildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2018-yil 08-fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3514-son qarori asosida maxsus o‘quv kursi dasturiga muvofiq “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi kiritilib, yetakchilar ishtirokida poytaxtimizdagi ahamiyatga molik joylarga sayohat tadbirlarini uyushtirildi.

Maxsus o‘quv kursining yana bir e’tiborli jihati uch kunlik o‘zlashtirilgan bilimlar maxsus test sinovlari bilan tekshirib ko‘rildi va natijalar besamar ketmaganligi ma’lum bo‘ldi. 

O‘quv kursi so‘ngida yetakchi yoshlar sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.



Yangilik bilan ulashish: