07 Avgust 2022

Uch avlodni birlashtirgan tashabbus



Jamoada sog‘lom muhitni ta’minlash, xodimlarning ma’naviy hordiq olishlari va bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazishga qaratilgan har qanday tashabbus ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Shundan kelib chiqqan holda “O‘zbektelekom” AKning “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiali va kasaba uyushmasi tomonidan Prezidentimizning “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda xodimlar o‘rtasida jamoaviy ruhni kuchaytirish maqsadida tashkilot jamoasi uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Aloqachi” oromgohiga sayohat uyushtirildi.

Yuksak saviyada tashkil etilgan sayohat doirasida xodimlarning madaniy va mazmunli hordiq chiqarishi uchun turli tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, jamoadagi uch avlod vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Aytish kerakki, tashkilotda uzoq yillar mobaynida faoliyat yuritib kelayotgan keksa avlod vakillari, o‘rta avlod va yetakchi yoshlardan iborat yangi avlod o‘rtasidagi suhbat o‘zaro tajriba almashish, sohaning ravnaqi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etuvchi loyiha va tashabbuskorlik taassurotlari bilan qizg‘in kechdi. Qolaversa, ushbu uchrashuvda millatimizga xos bo‘lgan hurmat-izzat, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdek azaliy qadriyatimiz aks etdi.

Ayniqsa, keksa avlod vakillarining jamoada yoshlarning o‘rni, yangidan-yangi texnologiyalar kirib kelayotgan soha faoliyatida ularning salohiyati muhim o‘rin tutishi haqidagi fikrlari yangi avlod uchun tom ma’nodagi ibrat maktabi bo‘ldi. O‘z o‘rnida keyingi avlod vakillari hamda yetakchi yoshlar ham kasbning sir-asrorlari hamda malakaviy ko‘nikmalarini oshirishda ularning tajribasiga suyanishini e’tirof etishdi. Shuningdek, mazkur uchrashuvni tashkillashtirganligi uchun Kompaniya va filial rahbariyati hamda kasaba uyushmasiga o‘z minnatdorligini bildirishdi.

Uch avlod o‘rtasida o‘tkazilgan qiziqarli viktorinada esa tajriba o‘z so‘zini aytdi va keksa avlod vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Gʻoliblarga taqdim etilgan esdalik sovg‘alari va tadbir doirasida tashkil etilgan taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi dam oluvchilarga o‘zgacha kayfiyat ulashdi.

Sayohat so‘ngida ishtirokchilar bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi mamlakatimiz ichki turizmini rivojlantirish bilan birga ish samaradorligini yanada oshirish, jamoaning jipsligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.



Yangilik bilan ulashish:

Shuningdek o’qing