Munosabat

“Humans” MCHJ virtual operatori “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsada, uni xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelmoqda
Ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan “Humans” MCHJ (keyingi o‘rinlarda – Humans) ayrim davlat tashkilotlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirmoqchiligi yuzasidan maʼlumotlar tarqaldi. Avvalroq Humans‘ning o‘zi “O‘zbektelekom” AKning qarzlarni to‘lash, aks holda tarmoqdan uzib qo‘yilishi haqidagi ogohlantirishidan keyin, Raqobat qo‘mitasiga shikoyat arizasi kiritgani ham OAV orqali tarqalgan edi.
O‘zi aslida nima bo‘lgan edi?
Birinchidan, Humans virtual operatori, boshqa mobil operatorlardan farqli ravishda, o‘z tarmog‘ini yaratish uchun sarmoya kiritmagan. Shuning uchun, u mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishga 2020-yildan buyon shartnoma asosida “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan.
Ikkinchidan, baʼzi OAVlarda “O‘zbektelekom” AK tomonidan Humans operatoriga nisbatan “bozordagi ustun (monopol) mavqesidan foydalanib bosim o‘tkazayotganligi” to‘g‘risida noxolis axborotlar tarqalmoqda. Aslida: Humans o‘z infrastrukturasiga ega “O‘zbektelekom” AKdan tashqari Ucell, Beeline, Mobi.uz kabi boshqa mobil operatorlari bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin, qonunchilikda faqat “O‘zbektelekom” AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak deb hech joyda belgilanmagan.
Uchinchidan, “O‘zbektelekom” AK O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish va ularni aholiga yana-da qulay qilish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada, Xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017-2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirildi.
To‘rtinchidan, Humans uzoq muddat davomida shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, yaʼni ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan. “O‘zbektelekom” AK faqat istemolchilar xuquqi buzilmasin, ular Humans bo‘ladimi, boshqa operatormi istemolchi to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin deb o‘z xizmatini davom ettirgan.
Shu munosabat bilan “O‘zbektelekom” AK mavjud qarzdorlikni undirish va kelgusida kompaniyaga zararni kamaytirish maqsadida tegishli sudga daʼvo arizasi kiritishga majbur bo‘ldi. Mazkur daʼvo joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudining “O‘zbektelekom” AK tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlik yuzasidan “Humans” kompaniyasiga nisbatan chiqargan sud qarori eʼlon qilindi.
Agar kelgusida jamoatchilikni, tartibga soluvchi organlar va biznes hamkorlarni chalg‘ituvchi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilsa, “O‘zbektelekom” AK o‘z ishbilarmonlik obro‘sini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
“O‘zbektelekom” AK ochiqlik, halol raqobat va amaldagi qonunchilikka rioya qilish tamoyillariga sodiqligini tasdiqlaydi. Kompaniya bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda konstruktiv muloqotga ochiq.