Optik tolali aloqa liniyalarida avariya - tiklash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi

Telekommunikatsiya tarmog‘ining barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlashda optik tolali aloqa liniyalariga sifatli xizmat ko‘rsatish, yuzaga keladigan nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Bu borada mutaxassislarning kasbiy bilimlarini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari alohida o‘rin tutadi.
Shu maqsadda “O‘zbektelekom” AK “TMS Hub” filialida “Optik tolali aloqa liniyalarida avariya-tiklash ishlarini olib borish texnologiyasi” mavzusida tashkil etilgan bevosita o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi. O‘quv kursining nazariy mashg‘ulotlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Telekommunikatsiya injiniringi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Tursimuratov Saparniyaz Salauatovich, amaliy mashg‘ulotlari esa Markaziy filial 11-bog‘lanma (Stansiyalararo aloqa bog‘lamasi) Optik tolali aloqa liniyalariga xizmat ko‘rsatish guruhining 1-toifali muhandisi Farid Nizamov tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlarda nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Tinglovchilar optik tolali aloqa liniyalarining ishlash tamoyillari, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish usullari, shuningdek, avariya-tiklash ishlarini amalga oshirish texnologiyalari bilan yaqindan tanishib, ushbu yo‘nalishdagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
O‘quv kursi davomida olingan bilim va amaliy tajriba xodimlarning kundalik faoliyatida uchraydigan nosozliklarni samarali bartaraf etish, optik tolali aloqa liniyalariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda telekommunikatsiya tarmog‘ining ishonchli ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.