Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan faoliyatlar muhokama qilindi

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida har bir soha faoliyatida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda. Mazkur jarayonda aksilkorrupsiya oyligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan “O‘zbektelekom” AK hamkorligida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil qilindi.
Soha faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, korrupsiyaviy harakatlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga barham berish va ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsad qilingan tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umid Mavlyanov hamda Kompaniya rahbariyati ishtirok etdi.
Tadbir doirasida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan bir guruh ichki nazorat va komplayens bo‘linmalari vakillari taqdirlandi.
Davra suhbatining asosiy qismida joriy yilning noyabr oyida “O‘zbektelekom” AKda sertifikatsiya auditi o‘tkazilganligiga e’tibor qaratilib, uning natijasida Kompaniyaning integratsiyalashgan menejment tizimi xalqaro standartlar talablariga muvofiqligi yuzasidan Cert International sertifikatsiya organi tomonidan ijobiy xulosa berilganligi alohida ta’kidlandi.
Shunga ko‘ra, tadbir davomida kompaniyaga – atrof-muhit samaradorligini oshirish (ISO 14001), energiya resurslaridan foydalanishni optimallashtirish va energiya xarajatlarini kamaytirish (ISO 50001), mehnat sharoitlarini yaxshilash, jarohatlar va kasbiy xavflarni kamaytirish (ISO 45001) hamda korporativ ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirish (ISO 26000) xalqaro standartlari talablarini o‘zida mujassam etgan integratsiyalashgan boshqaruv tizimi uchun muvofiqlik sertifikatlari ham rasman topshirildi.
“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati