28 September 2021

Belarus kinosi vakillaridan iborat delegatsiya Toshkentga keldi




Shu kunlarda mamlakatimizda Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan joriy yilning 28-sentyabrdan 3-oktyabrga qadar O‘zbekistonning bir qator shaharlarida o‘shtkazilishi kutilayotgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivaliga qizg‘in tayyorgarlik ishlari ketmoqda.

Yoshlarning iste’dodini namoyon etishga qaratilgan, yangi, yorqin va innovasion formatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro kinofestivalga dunyoning 50 dan ziyod mamlakatidan 400 nafardan ziyod kinoijodkorlar tashrifi kutilmoqda.

Ayni paytda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan “Tinchlik, taraqqiyot va ma’rifat” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan kinofestival munosabati bilan xorij kino sohasining nufuzli namoyandalarining yurtimizga tashrifi boshlandi.



Xususan,  mashhur kinoijodkorlaridan iborat Belarus Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston tomoni, shu jumladan, “O‘zbektelekom” AKning mas’ul vakillari tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro Ayeroportida  kutib olindi. Ta’kidlash joizki, mehmonlar ikki davlat milliy an’analariga muvofiq tarzda samimiy qarshi olindi.

Samolyotdan endigina tushgan mehmonlar mamlakatimiz va XIII Toshkent xalqaro kinofestivali haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Avvalo, O‘zbekistonga tashrifimdan mamnun ekanligimni aytmoqchiman. Bugun yurtingizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar dunyo ahlining e’tiborida. Tabiiyki, o‘zbek kino ijodkorlarining salohiyati, faoliyatini ham muntazam kuzatib boraman va mutaxassis sifatida yuqori baholayman. XIII Toshkent xalqaro kinofestivali esa barcha e’tiroflarimning isbotidir. Bizni yuqori darajada kutib olishdi, buning uchun alohida minnatdorlik bildiraman, – deydi Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Dmitriy Astraxan.



Ta’kidlash joizki, Belarus kinoijodkorlari tomonidan ishlangan «Qizaloq dadasini qidirmoqda» («Девочка ищет отца»), «Oq shabnamlar» («Белые росы»), «Mening ismim Arlekino» («Меня зовут Арлекино») kabi mashhur filmlar butun dunyo, shu jumladan, o‘zbek kino ixlosmandlarining ham e’tiborini o‘ziga jalb qilgan. Tadbir doirasida belaruslik kino ijodkorlarning kinofestival nominatsiyalariga kiritilgan «Urush. Inson bo‘lib qolmoq («Война. Остаться человеком»)», «Qo‘poruvchi taqdiri («Судьба диверсанта»)», «Prantish Virvichning sarguzashtlari («Авантюра Прантиша Вырвича»)», «O‘yinchi taqdiri («Правила геймера»)» kabi kinokartinalarning namoyishi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil davomida «Belarusfilm» kinostudiyasi ishtirokida rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan, urushda beshta o‘g‘lidan judo bo‘lgan Zulfiya Zokirovaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiluvchi «Ilhaq» kinofilmining harbiy epizodlari aynan Belarus Respublikasi hududida suratga olingan.

UZTELECOM – “Ipak yo‘li durdonasi" XIII Toshkent xalqaro kinofestivali hamkori!



Yangilik bilan ulashish: