20 March 2024

Navro‘z bayrami munosabati bilan anjuman bo‘lib o‘tdi



Bugun yurtimiz bo‘ylab ezgulik va bag‘rikenglik timsoli Navro‘zi olam shukuhi kezmoqda. Sharqona taqvimga ko‘ra yangi yilning boshlanishi hisoblanuvchi ushbu ayyomni xalqimiz milliy qadriyat va urf-odatlarimizning yuksak namunasi sifatida  keng nishonlaydi.

Bayram munosabati bilan  turli tadbirlar o‘tkaziladi. Ayni shunday tadbirlarning biri “Navro‘z – yangilanish va yosharish ayyomi!” mavzusida “O‘zbektelekom” Akda ham tashkil etildi. Videokonferensaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan anjumanda Kompaniya ijroiya apparati va tarkibidagi filiallar xodimlari, yoshlar yetakchilari va faol yoshlar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida “O‘zbektelekom” AK boshqaruv raisining istiqbolli rivojlantirish va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Arifdjanov dastlab tadbir ishtirokchilarini Kompaniya rahbariyati nomidan Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklab, yil sarhisobi bo‘yicha nutq so‘zladi.  2023-yil yakunlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan natijalari keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Kompaniya tomonidan qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar va faoliyatlar samarasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Ma’rufjon Tadjibayev so‘zga chiqib, tadbir qatnashchilariga milliy qadriyatlar ayyomi – Navro‘z bayramining mamlakatimizda me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida nishonlanishi yo‘lga qo‘yilishining tarixiga oid qiziqarli ma’lumotlar berdi.

Tadbirning badiiy qismi xalqimiz ardog‘idagi shoira, O‘zbekiston Yozuvchilar uyishmasi a’zosi, falsafa fanlari doktori professor Sayyora Tuychiyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Tolib Hojiyev hamda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining aktyori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Mehmonali Salimov ishtirokida yanada yuqori bayramona kayfiyatga ulanib ketdi.

Mazmunli o‘tgan anjuman so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati



Yangilik bilan ulashish: