16 March 2024

“Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki”



Yurtimizda bahor fasli kirib kelishi bilan fasl tarovatiga hamohang tarzda obodonlashtirish, yangilanish ishlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ayniqsa, tinchlik, totuvlik va farovonlik bayrami – Navro‘zi olam arafasida mamlakatimiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi an’ana tusiga kirgan.

Joriy yil 16 – 18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan hasharda “O‘zbektelekom” AK xodimlari va yoshlari ham faol ishtirok etishdi. 

Umumxalq xayriya hashari davomida Kompaniya hovlisidagi daraxt, buta va gullar parvarishlanib, yon-atrof hamda “Salomatlik yo‘lakchasi” chiqindilardan tozalandi.

“Hashar – elga yarashar” deb bejiz aytishmagan. Boisi, obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi va bu jarayonda xalqimiz orasida yillar davomida shakllangan ezgu qadriyat – umumxalq hasharlari muhim o‘rin tutadi. Mazkur xayrli ishlar Kompaniyaning hududiy filiallarida ham o‘tkazildi.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati



Yangilik bilan ulashish: