04 August 2022

Uyas qishlog‘igacha 21 km optik tolali aloqa liniyalari qurildi



Ijtimoiy tarmoq va internet xizmatlari bugungi kunda hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Shu bois, mamlakatimizda ushbu taraqqiyotning muhim omili raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“O‘zbektelekom” AK va uning hududiy filiallari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida esa respublikamizning viloyat, shahar va tuman markazlaridan olis hududlarda ham zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari rivojlanmoqda.

Misol uchun, Uyas qishlog‘i Bekobod tumani markazidan 75 km uzoqlikda joylashgan. Qariyib 3 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiluvchi mazkur qishloqda 360 ta xo‘jalik mavjud. Ayni paytda u yerda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Buning uchun Kompaniyaning Toshkent viloyat filiali Zafar telekommunikatsiya bog‘lamasi tomonidan mazkur hududga 21 km uzunlikdagi optik tolali aloqa kabeli tortib borildi.

Endilikda internet tarmog‘iga GPON texnologiyasi asosida ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan aholi vakillari yaratilgan sharoitlardan mamnun. Tuman telekommunikatsiya bog‘lamasi mutaxassislarining ta’kidlashicha bu kabi faoliyatlar olis qo‘shni qishloqlarda ham davom ettiriladi.

Darhaqiqat, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yillik rejaga muvofiq Kompaniyaning har bir hududiy filiallari tomonidan respublika bo‘ylab olib borilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad xalqimizni sifatli va tezkor aloqa xizmatlari bilan ta’minlash hamda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdir.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati



Yangilik bilan ulashish: